«U (Alloh) bandalari ustida g’olib bo’lgan zotdir. Ustingizga (qilgan amallaringizni) yodlab olguvchi farishtalarni elchi qilib yuborur. Qachonki birovingizga o’lim kelsa, elchilarimiz sustkashlik qilmagan hollarida uning jonini olurlar». Anom surasi 61- oyat.
Bir kuni Rosululloh -sallallohu alayhi vasallam- bir musulmonni janozasiga chiqdilar. Rosululloh -sallallohu alayhi va sallam-ga minib oling, deb bir ulov berishdi, Rosululloh sallallohu alayhi vasallam- minmadilar, janoza ortidan yayov ketdilar. Janozadan qaytayotganlarida esa ulovga minib oldilar.
Shunda sahobalar nega bunday qilganlarini so’rashdi. Rosululloh -sallallohu alayhi vasallam-: – «Farishtalar (piyoda) yurib ketayotgan edi. Farishtalar yurib ketayotgani sababli men ham yayov ketdim. Ular ketganlaridan keyin minib oldim», – dedilar. (Abu Dovud rivoyat qilgan). Yana bir kuni Rosululloh -sallallohu alayhi vasallam- janozaga chiqqan edilar. Ayrim kishilarning janoza ortidan ulovlarda ketayotganini ko’rib: «Hayo qilmaysizlarmi?! Allohning farishtalari yayov ketayapti-yu, sizlar bo’lsa markabga minib olgansizlar!» – dedilar. (Termiziy rivoyat qilgan).