Allohning payg’ambari Ibrohim –alayhissalom- hovlilarida edilar. Kuch-quvvatga to’lgan, chiroyli, kelishgan yigitlar u kishining oldiga kelib, salom berishdi. Ibrohim –alayhis-salom- ularning salomlariga alik olib, ularni mehmondorchilikka taklif qildilar. Darhol semiz bir buzoqni so’ydilar-da, uni pishirib, mehmonlarga taqdim qildilar. Ular taomdan bir luqma ham olmay, o’tiraverdilar. Ibrohim -alayhis-salom- mehmonlarning birortasi ham taomga qo’l urmaganini ko’rib, ajablandilarda: “Emaysizlarmi, olinglar!” – deb taklif qildilar.
Shunda ham mehmonlar hech narsa tanovul qilishmadi. Bu holatdan Ibrohim -alayhis-salomning qalblariga qo’rquv keldi. Shunda ular Ibrohim -alayhis-salom-ni xotirjam qilib, o’zlarini Allohning farishtalari ekaniligini aytishdi va Ibrohim -alayhis-salom-ga o’g’il farzand ko’rishi haqida xushxabar etkazdilar. Bu xushxabarni Ibrohim -alayhis-salom-ning ayoli Sora eshitib ajablandilar va qo’llari bilan peshonalariga urib: «(Axir men) tug’mas bir kampir(man)ku!» – dedilar. Mehmonlar bu Allohning irodasi va Alloh har bir ishga qodir ekanligini aytishdi.