So’z boshi: Farishtalarga iymon keltirmoqlik iymon rukunlarining biridir. Inson farishtalarga iymon keltirmas ekan hargiz musulmon deb sanalmaydi. Farishtalar Alloh taolo yaratgan maxluqotlar jumlasidan bo’lib, Alloh ularni nurdan yaratgan, ularning tabiatini O’ziga doimo toat-ibodatda bo’ladigan qilgandir. Shuning uchun ham farishtalar Allohning buyrug’iga aslo osiy bo’lmaydilar va o’zlariga buyurilgan barcha ishlarni bajaradilar. Alloh taolo ularga har xil ko’rinishda qiyofalanishga kuch-qudrat bergan bo’lib, farishtalar erkak ham ayol ham emas, uylanish, eyish-ichishdan behojat ulug’ bandalardir. Farishtalarning turli vazifalari bor.
Ayrimlari arshi aloni ko’tarib turadilar, ayrimlari vahiy olib keluvchi elchilardir. Farishtalar ichida bandalarning amallarini yozib boruvchi kiromun-kotibunlar, bandalarni muhofaza va himoya qiluvchilar, jonlarni olishga va rizq ulashishga muakkal bo’lgan – ushbu vazifa topshirilganlari bordir. Bazi farishtalar kechayu kunduz tinmay tasbeh aytadilar, ayrimlariga esa qabrda savol-javob qilish vazifasi topshirilgandir. Farishtalarga iymon keltirish to’rt nuqtani o’z ichiga oladi:
1- Farishtalarni bor ekaniga shak-shubxasiz iymon keltiramiz. Ularning borligiga shubha qilgan yoki birovlarni shubhalantirgan kimsa kofir bo’ladi.
2- Farishtalardan tafsiloti malum bo’lganlariga batafsil, qolganlariga umumiy suratda iymon keltiramiz. Masalan, Jabroil, Mikoil, Isrofil, Molik kabi ismlarini bilgan farishtalarga ismlari bilan, jon oluvchi, amallarni yozuvchi, yomg’ir olib keluvchi va hokazo vazifasi malum bo’lgan farishtalarga ham shunday batafsil iymon keltiramiz. Ismlari yoki vazifalarini bilmaganlarimizga umumiy suratda iymon keltiramiz.
3- Farishtalarning sifatlari haqida kelgan hadislarga iymon keltiramiz, masalan, ularning quvvati, kattaligi, qanotlari borligi va har-xil shakllarga kira olishlikka qodir ekanliklariga iymon keltiramiz.
4- Ularning Allohning buyrug’iga itoat qilishlari va turli ishlarni bajarishlariga iymon keltiramiz. Jumladan, ularning tasbeh aytishlari, kechayu-kunduz ibodatda bo’lishlari, mo’minlarni hifzu himoya qilib, ularga yordam berishlari va bundan boshqa amallarni bajarishlariga iymon keltiramiz. Quyida zikr qilinadigan qissalarda farishtalar haqida so’z boradi. Ushbu qissalar orqali biz ularning mohiyati, bajaradigan ishlari va vazifalari haqida qisman bo’lsada xabardor bo’lurmiz.