«Osmonlar va Erdagi barcha jonivorlar va farishtalar ham kibr-havo qilmagan hollarida yolg’iz Allohga sajda qilurlar. Ular ustilaridagi (ularni kuzatib turgan) Parvardigorlaridan qo’rqurlar va faqat o’zlariga amr etilgan ishlarnigina qilurlar».
Nahl surasi, 49-oyat. Uhud jangi kuni mushriklar Rosululloh sallallohu alayhi vasallam- tarafga qarab yuzlandi. U zot -sallallohu alayhi vasallam-ni har-xil yo’llar bilan o’ldirishga harakat qildilar. Buni ko’rgan bazi sahobalar Rosululloh -sallallohu alayhi vasallam- taraflariga qarab shoshildilar va mushriklarning hujumidan himoya qilmoq uchun Rosululloh -sallallohu alayhi vasallam- ni o’rab oldilar. Rosululloh -sallallohu alayhi vasallam-ni himoya qilayotganlar ichida oq ko’ylak kiyib olgan ikkita notanish jangchi ham bor edi. Bu ikki jangchi juda qattiq urushar edi. Bu ikki jangchi Jabroil bilan Mikoil edilar. Rosululloh -sallallohu alayhi vasallam-ga o’q har tomondan kelardi, lekin birortasi u zotga tegmasdi.
Sad ibn Abi Vaqqos dedilar: “Men Uhud jangi kuni Rosululloh -sallallohu alayhi vasallam-ni ko’rdim, u kishini oldilarida oppoq ko’ylak kiyib olgan ikki kishi ul zotni himoya qilib juda qattiq urushar edi. Bu ikki jangchini ilgari ham ko’rmaganman, keyin ham ko’rmadim”. (Buxoriy va Muslim rivoyati). Rivoyat qilinishicha, Abdulloh ibn Shihob (u vaqtda mushrik edi) Rosululloh -sallallohu alayhi vasallam-ni o’ldirish uchun izlab, do’stlariga: “Menga Muhammadni ko’rsatinglar, agar u najot topsa, men najot topmadim!” – deb baqirar edi.
Rosululloh -sallallohu alayhi vasallam- uning yonginasida turardilar, lekin u Rosululloh -sallallohu alayhi vasallam-ni ko’rmasdi. Chunki Alloh uni ko’zini Rosululloh sallallohu alayhi vasallam-ni ko’rishdan ko’r qilib qo’ygan edi. Jang tugaganidan keyin Safvon Abdulloh ibn Shihobni aybladi, Abdulloh ibn Shihob: “Allohga qasamki uni ko’rmadim, Allohga qasamki u bizdan himoya qilingan, uni o’ldirish uchun to’rt odam chiqdik, lekin biror bir narsaga erisha olmadik,” – dedi.